Andijon davlat universitetining 13 nafar xodimiga nisbatan juda ko‘p miqdorda byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha qamoq jazosi tayinlandi. Bu haqda “Gazeta.uz” sud qaroriga tayanib yozmoqda.
Hukmni Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyati Baliqchi tuman sudi e’lon qildi. Universitetning 13 nafar sobiq mansabdor shaxslari birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun uyushgan guruh tuzib, unda vazifalarni o‘zaro taqsimlab olishgan.
Guruhga 1998-yildan buyon OTM bosh hisobchisi lavozimida ishlab kelayotgan Olimjon Mahmudov rahbarlik qilgan. Shuningdek, guruh tarkibiga sobiq rektor Akrom Yo‘ldoshev, buxgalterlar, bosh auditor, o‘qituvchi va boshqalar kiritilgan.
Olimjon Mahmudov universitetga ajratilgan byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish bo‘yicha jinoiy reja tuzgan. Universitet rektorlari orqali buxgalter, g‘aznachi, iqtisodchi lavozimlariga uning ko‘rsatmalarini so‘zsiz bajarishga tayyor, o‘z manfaati yo‘lida jinoyatga qo‘l urishga moyil kishilar tayinlanishiga erishdi.
Sud qarorida aytilishicha, uyushgan guruh byudjet mablag‘larini quyidagicha o‘zlashtirgan:
- 2019 – 2023-yillarda 8 ta holatda 32,094 mlrd so‘m – stipendiya oluvchi talabalar sonini sun’iy ravishda oshirish va go‘yoki naqd pul berilganligi to‘g‘risidagi hujjatlarga imzolarni qalbakilashtirish orqali;
- 2,697 mlrd so‘m – 2021 – 2023-yillarda rag‘batlantiriladigan talabalar sonini sun’iy ravishda oshirish va imzolarni qalbakilashtirish orqali soxta to‘lov hujjatlari qayta rasmiylashtirilib, ajratilgan pullar kontrakt hisobiga o‘tkazib berilgan;
- 2019−2023 yillarda 14,408 mlrd so‘m – ushbu summadagi kontrakt to‘lovlari naqd pulda amalga oshirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni UzASBO (budjet tashkilotlarida buxgalteriya hisobi) tizimiga kiritish orqali, pullar esa o‘zlashtirilgan holda;
- 2,663 mlrd so‘m – talabalardan yotoqxona ijarasi uchun olingan pullarni yashirish yo‘li bilan;
- 545 mln so‘m – davlat xaridlari bilan bog‘liq mablag‘lar.
Olimjon Mahmudov 7 ta avtomobilni (1 ta BMW X7, 3 ta Onix, 2 ta Cobalt, 1 ta Lacetti) yaqin qarindoshlari, shu jumladan, o‘g‘illari nomiga rasmiylashtirib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirgan. Ular orasida 2023-yilda o‘g‘li uchun rasmiylashtirilgan 2,064 mlrd so‘mlik BMW X7 ham bor. 2023-yil oktyabr oyida ham u tanish o‘g‘lining plastik kartasiga 6,621 mlrd so‘m o‘tkazgan, u esa bu summaga omonat ochgan.
Bosh buxgalter va rektor hujjatlarni soxtalashtirish orqali xodimlarga ustama va rag‘batlantirishlarni o‘zlashtirgan. Sudda Olimjon Mahmudov aybiga qisman iqror bo‘ldi.
Sobiq rektor Akrom Yo‘ldoshev ayblovlarga qo‘shilmagan. U yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarda aybdorligini tan oldi, biroq byudjet smetasi qoidalarini buzish, uyushgan guruh tuzish va hujjatlarni soxtalashtirish ayblovlariga e’tiroz bildirdi.
U iqtisodchi emas, biologiya o‘qituvchisi sifatida buxgalteriya hisobini tushunmasligini va shu sababli universitetning moliyaviy-iqtisodiy yo‘nalishini to‘g‘ri nazorat qila olmasligini ma’lum qildi. Uning asosiy vazifasi ta’lim yo‘nalishini rivojlantirish, yoshlar bilan ishlash, mahalliy hokimiyat topshiriqlarini bajarish bo‘lgani uchun bosh hisobchi Alimjon Mahmudovga ishonardi.
U tergov davomida o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, 1 mlrd so‘mdan ortiq zararni qoplaganini, hozirda yetkazilgan zararni qoplash uchun moliyaviy imkoniyati yo‘qligini ma’lum qildi. Sobiq rektor, shuningdek, 2019−2023 yillar davomida UzASBO dasturiga shartnoma to‘lovlari to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar kiritilgani va 14,408 mlrd so‘m o‘zlashtirilgani haqida bilmaganini aytdi.
Sobiq bosh hisobchi Alimjon Mahmudovga 3 yil muddatga davlat organlari va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish hamda BHMning 310 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Sobiq rektor Akrom Yo‘ldoshevga 3 yil muddatga davlat organlari va tashkilotlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish hamda BHMning 310 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
O‘qituvchi A’zam Hamroqulovga ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari hamda BHMning 300 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Iskandar Isroilov, Isroil Mehmonov va Abdurahim G‘anijonov (barchasi buxgalterlar) 6,5 yildan, Dilshod Abdimo‘minov (bosh auditor), Lutfullo Soliyev (moliya-reja bo‘limi boshlig‘i), Shuhrat Mamajonov, Hamidullo Sharipov (g‘aznachilar), Hikmatillo Karimov va Ubaydullo Mamirov (buxgalterlar) 6 yil 2 oyga, Nodir Ro‘ziboyev (oliy ta’lim muassasasi ishlar boshqarmasi boshlig‘i) 5 yil 2 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, ular 2 yil muddatga davlat organlari va tashkilotlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum etiladi.
Andijon davlat universitetiga yetkazilgan 53,698 mlrd so‘mlik zararni qoplash uchun DXX Andijon viloyati boshqarmasining depozit hisob raqamiga quyidagilar o‘tkazildi:
- Olimjon Mahmudov – 31,078 mlrd so‘m;
- Iskandar Isroilov – 5,175 mlrd so‘m;
- Akrom Yo‘ldoshev – 1,168 mlrd so‘m;
- Nodir Ro‘ziboyev – 500 mln so‘m;
- Dilshod Abdimo‘minov – 442 mln so‘m;
- Lutfullo Soliyev – 145 mln so‘m;
- Shuhrat Mamajonov – 120 mln so‘m.
Bundan tashqari, sud hibsga olingan 7 ta avtomobil, bitta mehmonxona obyekti, 3 ta uy va tilla taqinchoqlarni sotish va tushgan mablag‘ni yetkazilgan zararni qoplashga yo‘naltirishni belgiladi.