Toshkent viloyatida yigitni ijtimoiy tarmoqlarda prezidentni haqorat qilgani uchun sud qilishdi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron shahar sudining qarorida aytiladi.
Yigit Instagram ijtimoiy tarmog‘ida birinchi va amaldagi prezidentlar tasvirlangan surat ostiga haqoratli izoh qoldirdi. Kompleks sud-siyosatshunoslik lingvistik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, sharhda davlat rahbarining sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi, obro‘sizlantiruvchi fikrlar, g‘oyalar va bayonotlar mavjud.
Yigit hech qanday maqsadni ko‘zlamaganini aytdi. U oqibatlarini o‘ylamasdan, sharh yozdi. Sud uni Jinoyat kodeksining 158-moddasi 3-qismi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini omma oldida haqorat qilish yoki unga tuhmat qilish, xuddi shuningdek matbuot yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan yoxud Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda haqorat qilish yoki unga tuhmat qilish) bilan aybdor deb topdi va ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.