Andijon viloyatida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan profilaktika inspektori vafotidan so‘ng “Jasorat” medali bilan taqdirlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Medal Xo‘jaobod tumani “Yuksalish” mahallasida xizmat qilgan marhum katta leytenant Abdurasul Abduvaliyev oilasiga topshirildi. Mukofotni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov topshirdi va marhumning onasiga hamdardlik bildirdi.
Mutasaddilar Abduvaliyevning jamoat xavfsizligini ta’minlashga qo‘shgan hissasini e’tirof etib, uning fidoyiligi, jasorati va prinsipialligi xotiralarda abadiy qolishini ta’kidladi.
1-iyul kuni Abdurasul Abduvaliyev maishiy mojaro bo‘yicha chaqiruvga chiqdi. O‘shanda mast pensioner oila a’zolariga xo‘jalik pichog‘i bilan tahdid qilgan. Qo‘lga olish chog‘ida erkak inspektorning ko‘kragiga pichoq sanchgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “g” bandi (xizmat vazifasini bajarayotgan shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi voqea joyidan qochib ketdi. 4-iyul kuni u qo‘lga olingan. Qo‘lga olish chog‘ida o‘zining qorin sohasiga tan jarohati yetkazgan va birinchi yordam ko‘rsatilganidan so‘ng shifoxonaga yetkazilgan.