Andijon viloyatida fermerdan 65 mln so‘m olgan ikki nafar hokim o‘rinbosari qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bo‘ston tumani hokimining investitsiyalar hamda qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari o‘zaro kelishib, fermerdan pora talab qilgan. Ular Bo‘ston tumanidagi fermer xo‘jaligining 500 ming dollarlik eksport rejasini soxta eksport operatsiyalari orqali yopish evaziga 65 mln so‘m talab qilgan.

Avgust oyida tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari 25 mln so‘m miqdorida avans olgan. Qolgan qismi, ya’ni 40 mln so‘mni hokimning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosari orqali olgan. Shu payt ikkalasi ham dalillar bilan qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” va “g” bandlari (Bir guruh mansabdor shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, tovlamachilik yo‘li bilan pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.