2024-yilda O‘zbekistonda 9 364 ta YTH sodir bo‘lib, ularda qariyb 9 ming fuqaro jarohatlangan va 2203 kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha yig‘ilishda aytib o‘tdi.

Eng ko‘p o‘lim holatlari Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida qayd etilgan. Prezident sohada yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligini ta’kidladi. Joriy yilning olti oyida 20 ta hududda avariyalar soni hamon yuqoriligicha qolmoqda.

Avariya oqibatlari og‘ir bo‘lgan bir qator tuman va shaharlarda sezilarli pasayish qayd etildi. Xususan, Mo‘ynoq, Nukus, Taxtako‘pir, Qonliko‘l, Yangiobod, To‘raqo‘rg‘on, Oqqo‘rg‘on, Sayxunobod, Buloqboshi, Ulug‘nor, Bandixon tumanlari hamda Ohangaron, Shirin, Nurafshon va Xonobod shaharlarida o‘lim holatlari qayd etilmagan.

Lekin Qiziltepa, Uychi, Paxtachi, Chust, Toyloq, Urgut, Shovot, Pastdarg‘om, Yakkabog‘, Qo‘shko‘pir, Xonqa, Denov, Peshku, Beruniy, Olmazor, Bektemir tumanlarida ahvol og‘irligicha qolmoqda.

Prezident har 100 ming aholiga to‘g‘ri keladigan yo‘l-transport hodisalarida o‘lim ko‘rsatkichi MDH davlatlari orasida eng past bo‘lsa-da, xotirjamlikka o‘rin yo‘qligini soha mutasaddilariga ko‘rsatib o‘tdi.

“Afsuski, har to‘rtinchi avariyada 1 kishi yoki kuniga o‘rtacha 6 kishi vafot etayotgani barchani qattiq tashvishga solishi kerak”, — dedi davlat rahbari.