1-avgustdan chiqindi xizmatlari uchun qarzdorligi bo‘lgan abonentlarga elektr energiyasi uchun to‘lovlar bo‘yicha cheklov joriy etiladi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Toza makon elektron billing tizimidan HETning billing tizimiga uzatiladi.
Har oyning 5-sanasiga qadar chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun qarzdor abonentlarga RESning 2100 qisqa raqamidan SMS-xabarnoma yuboriladi. Ushbu xabarnomani olgandan so‘ng, abonentlarga qarzdorlikni to‘lash uchun qo‘shimcha besh kunlik muddat beriladi.
Mavjud qarzdorlik shu davr ichida to‘lanishi kerak. Agar qarzdorlik belgilangan muddatda to‘lanmasa, bunday abonentlarning elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtincha cheklanadi. Qarz to‘liq to‘langandan keyin cheklov avtomatik ravishda olib tashlanadi. Tartib 2025-yil 30-iyungacha hosil bo‘lgan qarzdorliklarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Sanitariya jihatidan tozalash korxonalari chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar uchun to‘lovlar hisob-kitoblarining aniqligi va to‘g‘riligi uchun javobgardir. Sanitar tozalash xizmatlari o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatilmagan taqdirda, ko‘rsatilmagan kunlar uchun to‘lov qayta hisoblab chiqiladi.