O‘zbekistonda maishiy iste’molchilarning ayrim toifalari uchun elektr energiyasi uchun imtiyozli tariflarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Quyidagi iste’molchilarga elektr energiyasi uchun amaldagi tariflarning 50 foizigacha chegirmalar berish taklif etilmoqda:
- elektr plitalari va to‘liq elektrlashtirilgan isitish tizimi bilan jihozlangan, markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimlari va gaz tarmoqlariga ulanmagan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalar aholisiga;
- subsidiyalanadigan suyultirilgan gaz, ko‘mir yoki tabiiy gazdan foydalanishdan voz kechish sharti bilan gazlashtirilmagan hududlar aholisiga.
Imtiyozli tariflarni elektr energiyasi iste’molining oylik hajmiga qarab qo‘llash taklif etilmoqda:
- isitish mavsumida — 2000 kVt·soatgacha iste’mol qilinganda;
- isitish mavsumidan tashqari davrda — 1000 kVt·soatgacha iste’mol qilinganda.
Qayd etilishicha, mazkur takliflar idoralararo tartibda kelishilgan.
Hozirda mavjud elektr tarmoqlarining qo‘shimcha yuklamani qabul qilish imkoniyati bo‘yicha texnik audit o‘tkazilmoqda. Shuningdek, Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, “O‘zenergoinspeksiya”, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta’minot” AJ tomonidan qo‘shimcha o‘rganishlar olib borilmoqda.
Ushbu islohotlar O‘zbekiston energetika tizimi uchun muhim transformatsion jarayon bo‘lib, xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, bunday o‘zgarishlar chuqur tahlil, vaqt va yuqori darajadagi ehtiyotkorlikni talab qiladi. Jarayonning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi uning tizim uchun strategik ahamiyati bilan bog‘liq.
Hisob-kitoblar va texnik audit yakunlari bo‘yicha umumiy xulosa shakllantiriladi, shundan so‘ng takliflarning amaliyotga joriy etilishi ta’minlanadi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ushbu takliflar tegishli davlat organlariga yuborilganini, audit jarayonlari davom etayotganini ta’kidlab, ishlab chiqilgan mexanizm kelgusi yilda joriy etilishiga umid bildirdi.