Farg‘ona viloyatida erkak jabrlanuvchini urib yubordi, u olgan jarohatlari tufayli vafot etdi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Fojiali hodisa 10-iyul kuni O‘zbekiston ovozi ko‘chasida sodir bo‘lgan. Ikki erkak o‘rtasida janjal kelib chiqqan, ulardan biri Lacetti avtomobili ruliga o‘tirib, ikkinchisini urib yuborgan. To‘qnashuv natijasida u og‘ir tan jarohati olgan. Jabrlanuvchi ko‘rsatilgan yordamga qaramay shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan huquq-tartibot idoralari tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biroq keyinroq Bosh prokuratura jabrlanuvchining o‘limi munosabati bilan ish O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan qayta malakalanganini ma’lum qildi.

Gumonlanuvchi qo‘lga olingan, huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Unga 15 yilgacha qamoq jazosi tahdid solmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha avtomobil haydovchisi Marg‘ilonda bolani urib yuborgandi. Jabrlanuvchi turli og‘ir jarohatlar olgan, shifokorlar bolaning to‘liq tuzalib ketishiga aniq kafolat bermayapti, gumonlanuvchi uch yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.