O‘zbekistonda liftlar kamida 12 oyda bir marta majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu haqda hukumat qarorida aytilgan.
O‘rnatilgandan so‘ng foydalanishga topshiriladigan yangi lift va ko‘targichlar ham maxsus elektron tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilgunga qadar majburiy birlamchi ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Ixtisoslashtirilgan tashkilotlar pudratchi murojaat qilgan paytdan boshlab 10 ish kunidan kechikmay inspeksiya bilan shug‘ullanadi. Tekshiruvdan so‘ng mutaxassislar lift kabinasiga uning holatini ko‘rsatuvchi rangli stikerni yopishtiradilar:
- yashil – lift soz va xavfsiz, undan foydalanish mumkin;
- ko‘k – e’tibor talab qiladigan kichik nosozliklar aniqlangan;
- sariq – lift nosoz, ta’mirtalab;
- qizil – foydalanish uchun xavfli, foydalanish taqiqlangan.
«Qizil belgili» liftlar barcha qoidabuzarliklar bartaraf etilgunga qadar zudlik bilan foydalanishdan chiqarilishi kerak bo‘ladi. Yangi tizim fuqarolar xavfsizligini oshirish va liftlarning texnik holatini nazorat qilishning shaffofligini ta’minlashi kerak. Stikerlar aholiga liftning holatini darhol baholash imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda to‘rt va besh qavatli uylarga lift o‘rnatish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Dastur faqat ishlab chiqish bosqichida.