Qashqadaryoda “Vagner” XHK tarkibida Ukrainada jang qilgan shaxsga hukm o‘qildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudi qarorida aytiladi.
2020-yil fevral oyida 59 yoshli ayblanuvchi Moskvaga ishlash uchun ketgan. Keyinchalik u yotoqxonadagi qo‘shnisini o‘ldirishda gumonlanib hibsga olingan, 2021-yil avgust oyida u to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
2022-yil sentyabr oyida erkak “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasiga qo‘shilgan. U yerda unga oyiga 100 ming rubl maosh, Rossiya fuqaroligi va jazoning qolgan qismini o‘tashni bekor qilish va’da qilingan. U olti oy davomida Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashgan, keyinchalik afv etilgan.
Ayblanuvchi 2025-yil martigacha Moskvada ishlagan, shundan so‘ng O‘zbekistonga qaytgan. U DXX viloyat boshqarmasiga o‘z aybiga iqror bo‘lib kelgan va harbiy harakatlarda ishtirok etganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etgan.
Fuqaro Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismi bilan aybli deb topilib, uch yarim yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentda sud 48 yoshli o‘zbekistonlikni yollanma ishda aybdor deb topib, 4 yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilgandi. U avvalroq “Vagner” XHK tarkibida Ukrainada jang qilgan, shuningdek, Yevgeniy Prigojinning “adolat marshi”da yordam bergan.