Ijtimoiy tarmoqlarda Olmaliqda xususiy oilaviy bog‘chada qiz kaltaklangani haqida xabarlar tarqaldi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi holat yuzasidan izoh berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 17-iyul kuni huquq-tartibot idoralariga bir ayol murojaat qilib, qizi Neo Kids xususiy bog‘chasida kaltaklanganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bolaning yuzida shish va ko‘karishlar qayd etilgan.

Shu kunning o‘zida ichki ishlar xodimlari, mahalla vakillari, ijtimoiy soha va ta’lim sohasi xodimlaridan iborat maxsus guruh tuzilib, muassasada o‘rganish o‘tkazildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 16-iyul kuni bog‘cha tarbiyachisi haqiqatan ham voyaga yetmagan qizga tan jarohati yetkazgan. Holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Mazkur holat ham Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.