Jizzax viloyati Forish tumanida bog‘cha tarbiyalanuvchilari ommaviy zaharlandi. Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

9-oktyabr kuni shifoxonaga uch yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan 37 nafar bola isitma, ko‘ngil aynishi, qorin og‘rig‘i va diareyaning boshqa alomatlari bilan murojaat qilgan. Ular 1-, 3-, 5- va 7-davlat bog‘chalaridan kelgan. 8-oktyabr kuni tarbiyalanuvchilar bog‘chalarda biokefir, tvorog va sariyog‘ iste’mol qilishdi. Bolalarga “o‘tkir diareya” tashxisi qo‘yildi. Shundan so‘ng ular shifoxonaga yotqizilib, bolalarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bog‘chalardagi zaharlanish oziq-ovqat mahsulotlarini tashish, saqlash va qayta ishlashda sanitariya qoidalari va me’yorlarining buzilishi oqibatida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 1-qismi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.