Ko‘kdala tumani hokimligi gaz quyish shoxobchasida yuz bergan portlash va yong‘in oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga pul kompensatsiyasi ajratilishini ma’lum qildi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, halok bo‘lganlarning oilalariga 100 million so‘mdan naqd pul to‘lab berildi. Jarohat olgan va davolanayotgan fuqarolarga 50 mln so‘mdan kompensatsiya to‘lab berildi.

Pul mablag‘lari jabrlanganlarning yashash va davolanish joylariga yetkazilib, tuman hokimi va hokimlik mas’ullari ishtirokida topshirildi.

Shuningdek, jabrlanganlar to‘liq sog‘ayib ketguniga qadar malakali shifokorlar tomonidan bepul tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Davolanish va dori-darmon bilan bog‘liq barcha xarajatlar to‘liq davlat tomonidan qoplanadi.

Eslatib o‘tamiz, voqea 16-iyul kuni Ko‘kdala tumani “Oltin dala” MFY hududida joylashgan gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan. Yong‘in oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan.

Ko‘kdala tumanidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida yuz bergan portlash va yong‘in yuzasidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) va 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.