Markaziy bank moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha konsepsiyani tasdiqladi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjat mamlakatdagi mavjud amaliyot va xorijiy regulyatorlar tajribasini tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan. Konsepsiya moliyaviy tashkilotlarning mijozlar bilan o‘zaro munosabatlarining asosiy tamoyillarini belgilaydi va qoidabuzarliklarning oldini olish mexanizmlarini o‘z ichiga oladi.

Asosiy qoidalar orasida:

  • iste’molchilar moliyaviy mahsulotlar, shu jumladan shartlar, tavakkalchiliklar, komissiyalar va cheklovlar to‘g‘risida to‘liq va tushunarli ma’lumot olishlari kerak;
  • moliya tashkilotlari mijozning imkoniyatlari va ehtiyojlariga mos keladigan xizmatlarni qo‘shimcha mahsulotlarni majburlamasdan taklif etishi shart;
  • mijozlarga xizmatlarni erkin tanlash imkoniyati, shuningdek, yashirin cheklovlarsiz shartnomalar va shartlarni o‘zgartirish imkoniyati kafolatlanadi;
  • moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan, masalan, muddati o‘tgan qarzdorlik yuzaga kelganda fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash choralari nazarda tutilgan;
  • fuqarolarning zaif toifalari — pensionerlar, nogironlar, savodxonlik darajasi past bo‘lgan shaxslar bilan ishlash tamoyillari e’lon qilindi.

Markaziy bank ushbu tamoyillarga rioya etilishini nazorat qilishda tizimli yondashuvni joriy etish niyatida. Xususan, quyidagilar rejalashtirilgan:

  • moliya tashkilotlarining xatti-harakatlarini muntazam tahlil qilish;
  • shikoyatlar bilan ishlash;
  • moliyaviy ombudsman institutini joriy etish;
  • proaktiv nazorat vositalaridan foydalanish (masalan, “sirli xaridor”).

Hujjat konsepsiyani har uch yilda qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.

Avvalroq Markaziy bank bozorda axborot noaniqligini kamaytirishni, shaffoflikni oshirishni va fuqarolarda tanlov imkoniyatini kengaytirishni xohlayotgani haqida xabar berilgandi.