Qonunchilik palatasi deputatlari lazer nurlantirgichlari muomalasiga oid tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.
Parlament quyi palatasi majlisida so‘nggi vaqtlarda mamlakat hududiga portativ lazer nurlantirgichlarini noqonuniy olib kirish va ulardan foydalanish holatlari ko‘payib borayotgani, bu esa fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, havo kemalari parvozlari xavfsizligi hamda jamoat tartibiga yuqori darajada tahdid solayotgani ta’kidlandi.
Hujjat bilan portativ lazer nurlantirgichlarning qonunga xilof muomalasi uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Ushbu harakatlarning ijtimoiy xavflilik darajasiga qarab, ma’muriy jarimalar joriy etish nazarda tutilmoqda.
Xususan:
- lazer nurlatkichlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun — BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha (6,1 mln so‘mdan 10,3 mln so‘mgacha);
- ularni ishlab chiqarish, tayyorlash va saqlash uchun — BHMning 15 baravaridan 30 baravarigacha (6,1 mln so‘mdan 12,3 mln so‘mgacha);
- O‘zbekiston hududiga olib kirganlik uchun — BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha (10,3 mln so‘mdan 20,6 mln so‘mgacha).
Qonun loyihasi portativ lazer nurlantirgichlar muomalasi sohasida nazorat va ta’sir choralari samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan.