Qonunchilik palatasi islom banki to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Bu haqda Oliy Majlis quyi palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Gap O‘zbekistonda islom banklari faoliyatining huquqiy asoslarini belgilash haqida bormoqda. Hujjatda islom moliyasi bilan bog‘liq asosiy atamalar, jumladan, “islom banki” tushunchasi belgilandi. Qonun loyihasida ushbu sohada litsenziya olish uchun talablar ham kiritilgan.

Bundan tashqari, islom bankchiligi sohasida faoliyat yurituvchi kredit muassasalari islom moliya standartlariga muvofiq mijozlarni moliyalashtirish bo‘yicha savdo faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi. Ularga yuridik shaxs tashkil etish, boshqa yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlar yoki aksiyalarni sotib olishga ruxsat beriladi.

Sessiyada ishtirok etgan 127 nafar deputatdan 125 nafari ikkinchi o‘qishda yoqlab ovoz berdi, 1 nafari betaraf qoldi, 1 nafari esa ovoz bermadi. Yakuniy o‘qishda hujjatni qo‘llab-quvvatlovchi 126 ta ovoz to‘plandi. Endi qonun loyihasi Senat tomonidan ma’qullanishi kutilmoqda. Shundan so‘ng uni prezident imzolashi kerak bo‘ladi.