Ijtimoiy tarmoqlarda qizning ayol tomonidan zo‘ravonlikka uchragani aks etgan video paydo bo‘ldi. Andijon viloyati IIB holatga oydinlik kiritdi.

Voqea o‘tgan yilning dekabr oyida Andijonda sodir bo‘lgan. Aniqlik kiritilishicha, 33 yoshli kiyim-kechak do‘koni egasi qarzi tufayli 20 yoshli sotuvchiga zo‘ravonlik qilgan.

Qayd etilishicha, jabrlanuvchi huquqni muhofaza qilish organlariga ariza bilan murojaat qilmagan. Shuningdek, u yaqinlariga o‘ziga nisbatan bosim va zo‘ravonlik haqida gapirmagan.

Holat yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi Jinoyat kodeksining 138-moddasi 2-qismi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Do‘kon egasi qo‘lga olingan, ish viloyat prokuraturasi nazoratiga olingan.