Surxondaryo viloyati Uzun tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida 8 yoshli qizaloq vafot etdi. Bu haqda MY5 telekanali xabar bermoqda.
29 yoshli haydovchi Nexia-2 rulida maktab yaqinligi haqidagi belgiga e’tibor bermagan. Natijada piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan qizni urib yuborgan.
“Yuk mashinasi yoniga yetganimda, uning orqasidan bir bola yugurib chiqdi. Men tormozni bosdim, lekin allaqachon odamga tegib ketdim”, — dedi haydovchi.
Marhumaning onasi bunday yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, bolalarni asrab qolish va bu boshqalarga saboq bo‘lishi uchun ayblanuvchiga qat’iy jazo tayinlashni so‘radi.
Erkak manzil-koloniyada jazo o‘tash sharti bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, u 2 yilga transportni boshqarish huquqidan mahrum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 20-iyul kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida ikki avtomobil va bir piyoda ishtirokida halokatli YTH sodir bo‘lgandi. Tracker haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida turgan piyodani urib yuborgan, u voqea joyida halok bo‘lgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.