Rasmiylar Chorvoq suv ombori yaqinida Sea Breeze kurort majmuasini qurishga rasman ruxsat berdi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yil davomida faoliyat yurituvchi Sea Breeze Uzbekistan kurort majmuasi Bo‘stonliq tumani hududida 577 gektar maydonda quriladi, loyiha qiymati 5 mlrd dollarni tashkil etadi. Baholovchi tashkilot tomonidan Chorvoqdagi yerni 25 yilga ijaraga berishning baholangan qiymati 0,01 pasaytiruvchi koeffitsiyentni qo‘llagan holda 1,7 trln so‘mni tashkil etib, 17 mlrd so‘mlik yakuniy summa 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi.

Vazirlar Mahkamasining “Sea Breeze Uzbekistan” yilbo‘yi dam olish maskanini qurish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra:

  • Chorvoq suv omboriga oqova suvlarni oqizish taqiqlanadi;
  • barcha muhandislik va ekologik yechimlar Bosh prokuratura va Ekologiya vazirligi organlari bilan kelishiladi;
  • har qanday qoidabuzarliklar aniqlangan taqdirda loyiha to‘xtatiladi, kontrakt bekor qilinadi, yer esa investorga qaytariladi;
  • yashil zonalar kesilmaydi, balki ularning ekologik qiymatini hisobga olgan holda ko‘chirib o‘tkaziladi;
  • tozalash inshootlari bilan bog‘liq barcha xarajatlar investor hisobidan amalga oshiriladi;
  • jamoatchilik fikri inobatga olinadi, loyiha faqat shaffoflik va hisobdorlik asosida, davlat nazorati ostida amalga oshiriladi.

Dam olish maskani suv ombori yaqinida joylashgani inobatga olinib, qaror bilan suv resurslarini muhofaza qilishga qaratilgan barcha ekologik talablarga qat’iy rioya etilishi belgilandi. Atrof-muhit holati, jumladan, suv sifati davlat organlarining doimiy nazoratida bo‘ladi.

Suv havzasi va unga tutash hududlarning har qanday ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaydigan oqova suvlarni oqizish va tozalashning ishonchli tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratiladi. Barcha muhandislik yechimlari ekologik xavfsizlik va barqaror rivojlanishga ustuvor ahamiyat bergan holda amalga oshiriladi.

Loyihani ekologik talablarga rioya qilgan holda amalga oshirish, xususan, loyihani amalga oshirish davomida va u ishga tushirilgandan so‘ng Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosiga chiqindi va oqova suvlarni oqizmaslik, shuningdek, oqova suvlarni Chirchiq shahridagi tozalash inshootlariga yo‘naltirish choralarini ko‘rish “Sea Breeze Uzbekistan” MCHJning asosiy vazifalaridan biri bo‘ladi.

“Shu bilan birga, yuqoridagi ekologik talablarga rioya qilmaslik loyihani to‘xtatib turish va yerni ijaraga olish huquqini bekor qilish uchun asos bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Qarorning alohida bandida loyihaning amalga oshirilishi davlat organlarining qat’iy nazorati ostida bo‘lishi qayd etilgan. Bosh prokuratura kurort majmuasi hududida barcha shaharsozlik va ekologik me’yorlarga rioya etilishi ustidan alohida nazorat o‘rnatadi. Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura loyiha yechimlarini kelishishdan boshlab, obyektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning qonuniyligi va shaffofligiga mas’ul bo‘ladi. Bunday yondashuv majmuani qurish va undan foydalanishning hech bir jihati e’tibordan chetda qolmasligini, tabiat, davlat va fuqarolar manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlaydi.

Kurort hududini rivojlantirish faqat majmuaning o‘zini qurish bilan cheklanib qolmaydi — loyiha doirasida unga tutash hududni har tomonlama obodonlashtirish ham ko‘zda tutilgan.

Kurort hududini rivojlantirish mintaqaning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga va mahalliy aholi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi. Infratuzilmaga sarmoya kiritish xizmat ko‘rsatish darajasini oshiradi va ko‘proq sayyohlarni jalb qiladi. Davlat nazorati barcha shaharsozlik va huquqiy talablarga rioya etilishini ta’minlaydi. Vakolatli organlar loyihani amalga oshirish bo‘yicha barcha jarayonlarning qonuniyligi va shaffofligini kafolatlaydi.

Loyihaning amalga oshirilishi innovatsiyalar, ekologiyaga g‘amxo‘rlik va ijtimoiy mas’uliyatni o‘zida mujassam etgan yangi muhitni shakllantirishga xizmat qilib, kurort hududlarini rivojlantirishga zamonaviy yondashuv namunasiga aylanadi.

Keyinroq Ekologiya vazirligi Vazirlar Mahkamasining Sea Breeze Uzbekistan loyihasini amalga oshirish shartlari to‘g‘risidagi qarori qabul qilinishi munosabati bilan o‘z vakolatlari doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik normalariga rioya etilishi va loyihaning ekologik shartlari, atmosfera ifloslanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillarni aniqlash, tabiiy resurslardan nooqilona foydalanish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan omillarni aniqlash ustidan doimiy nazoratni amalga oshirishini ma’lum qildi.

Vazirlik muloqotga, murojaatlarni ko‘rib chiqishga ochiq va atrof-muhitni muhofaza qilish davlatning so‘zsiz ustuvor vazifasi bo‘lib qolishini ta’kidlaydi.