Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga jo‘nab ketdi Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 4-avgust kuni BMTning dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Avazada bo‘lib o‘tadigan konferensiyada transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish, iqtisodiyotni transformatsiya qilish, iqlim o‘zgarishi va ekologik tahdidlarga chidamlilikni oshirish, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda taraqqiyotga erishishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqiladi.
Avaza siyosiy deklaratsiyasi va harakatlar dasturini qabul qilish ko‘zda tutilgan. Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlangan tadbirda ham ishtirok etadi va qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazadi.