Sirdaryo viloyatida yong‘in va portlash xavfi yuqori bo‘lgani sababli 4 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasi faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Qaror Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lganidan so‘ng xavfsizlik choralarini kuchaytirish doirasida qabul qilindi.

Mutaxassislar tomonidan 12 ta yoqilg‘i quyish shoxobchasida tekshiruvlar tashkil etildi. Ular tomonidan 74 ta qoidabuzarlik aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha 119 ta ko‘rsatma berilgan.

Tekshiruvlar davomida yong‘inga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan 13 ta texnik nosoz qurilmalardan foydalanish taqiqlandi. Xususan, yong‘inga qarshi avtomatika tizimlari, gaz kompressorlari, shamollatish qurilmalari va yong‘inga qarshi suv ta’minotida nosozliklar qayd etildi.

Aholi xavfsizligini ta’minlash, yong‘in va portlashlar bilan bog‘liq hodisalarning oldini olish maqsadida bu kabi nazorat tadbirlarini doimiy ravishda o‘tkazish rejalashtirilgan.