Qonunchilik palatasi deputatlari hukumat tomonidan kiritilgan “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini konseptual jihatdan ko‘rib chiqdilar. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Hujjat shaharsozlik renovatsiyasining asoslari va maqsadlarini, majburiy shartlarini, asosiy tamoyillarini, renovatsiya bosqichlarini, loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibini, shuningdek, ushbu sohadagi davlat boshqaruvi asoslarini belgilaydi.
Qonun tashabbuskorlari ta’kidlaganidek, 2019-2023 yillarda uy-joylarga bo‘lgan talabni qondirish uchun (yiliga 145 mingta) o‘rtacha 60 mingta, 2024 yilda esa 100 mingta yangi uy-joylar qurilgan va o‘sib borayotgan ehtiyojlarni yanada qondirish uchun qo‘shimcha yer resurslari talab etiladi.
Qonun loyihasida renovatsiya ixtiyoriylik prinsipiga asoslanishi, shuningdek, hech kim ushbu jarayonda ishtirok etishga majburlanmasligi, ya’ni shaharsozlik renovatsiyasi loyihasini amalga oshirishni boshlash uchun barcha huquq egalari bilan notarial tasdiqlangan bitim tuzish majburiyligi belgilanmoqda.
Hujjat bilan belgilanishicha, shaharsozlik renovatsiyasini amalga oshirishda hech kim sudning qarorisiz va qonun hujjatlariga zid bo‘lgan tartibda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Xususiy mulkning daxlsizligi va davlat tomonidan himoya qilinishi, xususiy mulkning saqlanishini ta’minlash uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilishi, davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari va xizmatchilari tomonidan huquq egalarining huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy kafolatlanadi.
Shu bilan birga, shaharsozlik renovatsiyasi doirasida yerga bo‘lgan xususiy mulk huquqi va yer egasining huquqini amalga oshirish bo‘yicha huquq egasining davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar huquq egasining foydasiga talqin qilinadi.
Hujjat turar va noturar joylar mulkdorlariga adolatli kompensatsiya tizimini nazarda tutadi. Ya’ni, kompensatsiya shaharsozlik renovatsiyasi amalga oshirilayotgan hududda yangi qurilayotgan turar joy va noturar joy obyektlariga, boshqa hududdagi turar joy va noturar joy obyektlariga mulk huquqini pul yoki shartnomada nazarda tutilgan boshqa shaklda bozor qiymati bo‘yicha o‘tkazish sifatida belgilanadi.
Turar joy va yashash uchun mo‘ljallanmagan obyektni kompensatsiya tarzida berishda taqdim etilayotgan turar joy maydoni huquq egasining rekonstruksiya qilinayotgan turar joyi maydonidan kam bo‘lmasligi, shuningdek yashash uchun tayyor holda topshirilishi va birinchi navbatda pastki qavatlardan taklif etilishi nazarda tutilmoqda.
Renovatsiya loyihasi “Shaharsozlik renovatsiyasi” elektron platformasidan, ommaviy axborot vositalarining rasmiy veb-saytlaridan va jamoatchilik fikrini aniqlashning boshqa vositalaridan foydalangan holda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi lozim. Shuningdek, renovatsiya loyihasi Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritilmoqda.
Qonun tashabbuskorlari deputatlarning savollariga batafsil javob berib, kelib tushgan takliflar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlashda inobatga olinishini ta’kidladi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.