Deputat, O‘zbekiston Ekologik partiyasi a’zosi Gulchehra Tadjiboyeva daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari ko‘payib borayotgani yuzasidan Ekologiya vazirligi rahbari Aziz Abduhakimovga deputatlik so‘rovi yubordi.

Toshkent shahri Olmazor tumani Abdulla Qodiriy va Sebzor ko‘chalari atrofidagi daraxtlar parvarishga muhtoj, ayrimlari kesilgan, agrotexnik tadbirlar yetarli darajada o‘tkazilmagan, butash ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilmagan, natijada daraxtlarning kasallanish va qurib qolishga moyilligi ortgan.

O‘rganish davomida aniqlanishicha, so‘nggi 2-3 oy davomida kesilgan 20 dan ortiq daraxt bo‘yicha tegishli hujjatlar taqdim etilmagan. Shu munosabat bilan deputat, Ekopartiya a’zosi Gulchehra Tojiboyeva Ekologiya vazirligi rahbari Aziz Abduhakimovga deputatlik so‘rovi yubordi.

Deputat ko‘rsatilgan manzildagi manzarali daraxtlarni hisobga olish holati, so‘nggi 2-3 oyda 20 dan ortiq daraxtlarning kesilishi sabablari hamda ushbu holat yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilgani haqida ma’lumot so‘radi.

Tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, ularni aniqlash va samarali choralar ko‘rgan holda bartaraf etish vazirlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari hisoblanadi.