Bosh prokuratura 8 noyabr kuni Toshkentda daraxtlarning yirik miqdorda noqonuniy kesilishi ortidan obodonlashtirish xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bu haqda Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni shikastlantirish yoxud nobud qilish) bilan ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Aybdorlar BHMning 300 baravari (123,6 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortilib, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.
Rasul Kusherbayev ta’kidlaganidek, daraxtlarni kesishga ko‘rsatma bergan poytaxt hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov yana «toza» bo‘lib qolmoqda.
Qizig‘i, daraxt kesish topshirig‘ini bergan shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Raxmonov yana suvdan quruq chiqmoqda. Uning o‘rniga topshiriqni bajargan, «tanka»si yo‘q obodonlashtirish xodimlari javob beradigan ko‘rinadi. Mana bu haqiqiy nomardlik, — deb yozdi Kusherbayev.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentning Yakkasaroy tumanida 25 oktyabrga o‘tar kechasi 174 tup daraxt va butalar kesib tashlangandi. Yetkazilgan zarar 1,46 mlrd so‘mga baholanib, materiallar prokuraturaga topshirilgan, hokimlik esa beparvolikni tan olib, 62 mingdan ortiq yangi o‘simlik ekishga va’da bergan.