O‘zbekistonda avtotransportdan zararli chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha “Toza havo” aksiyasining ikkinchi bosqichi boshlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bosqich 10-avgustdan boshlanib, butun mamlakat bo‘ylab 10-sentyabrgacha davom etadi, shundan so‘ng Toshkentda boshlanib, 10-oktyabrda yakunlanadi. Tadbir Ekologiya vazirligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Aksiya foydalanishda bo‘lgan avtotransport vositalari, ularning ekologik holati va chiqindi gazlardagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori bo‘yicha belgilangan normativlarga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshirishga yordam berishi kerak.