O‘zbekistonda mamlakatga kelgan Falastin fuqarolarining farzandlari yashash joyidagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda joy bilan ta’minlanadi. Bu haqda prezident farmonida aytilgan.
Hujjatga ko‘ra, oilalar 2028-yil 1-yanvarga qadar bolalar bog‘chalarida bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovidan ozod etiladi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarga qabul navbatdan tashqari — “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari so‘rovlari asosida amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, falastinlik bolalarga davlat maktablarida kasbiy tayyorgarlik, axborot texnologiyalari va oliy o‘quv yurtlariga kirishga tayyorgarlik yo‘nalishlari bo‘yicha bepul qo‘shimcha ta’lim olish imkoniyati yaratiladi. Barcha ta’lim xarajatlari davlat byudjetidan qoplanadi.