Shavkat Mirziyoyev chiqindilarni qayta ishlashni kengaytirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda yiliga 14 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘lsa-da, ularni qayta ishlash darajasi pastligicha qolmoqda. Oxirgi yillardagi loyihalar natijasida bu ko‘rsatkich 5 foizga yetdi.

Chiqindilarni yoqish orqali energiya ishlab chiqarish loyihalari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xitoylik investorlar bunday zavodlarni oltita hududda qurmoqda. Davlat nafaqat chiqindilarni utilizatsiya qilish uchun to‘lovlarni amalga oshirish, balki ishlab chiqarilgan energiyani sotib olish majburiyatini ham o‘z zimmasiga oladi.

Yaqinda Toshkent shahrida tibbiyot chiqindilarini yoqib, issiqlik energiyasi olish bo‘yicha ikkita korxona ishga tushirildi. Samarqandda yana ikkita, qolgan hududlarda bittadan shunday zavod qurish rejalashtirilgan.

Maishiy chiqindilarning to‘rtdan bir qismini qog‘oz, plastmassa, rezina, shisha, to‘qimachilik qoldiqlari tashkil etadi. Ularni qayta ishlab, 1 trillion so‘mlik xomashyo olish mumkin. Bundan tashqari, mamlakatda qurilish, kimyo, elektronika, texnik chiqindilar va sanoat moylarini qayta ishlash sohasida katta salohiyat mavjud.

Chiqindi tashish xizmatlari aholi talablariga javob berishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois chiqindi tashish mashinalarining har bir mahallaga yetib borish vaqti va yo‘nalishini onlayn kuzatish imkoniyatini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Ijtimoiy muassasalar va mahallalarni chiqindi konteynerlari bilan to‘liq ta’minlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish topshirildi. Jamiyatda ekologik madaniyatni bog‘cha va maktabdan boshlab shakllantirish muhimligi qayd etildi.