2026-yil 1-yanvardan chiqindilarni to‘plash va olib chiqish uchun to‘lovlar faqat elektron to‘lov tizimlari orqali qabul qilinadi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish agentligi xabar bermoqda.

Shuningdek, uyma-uy yurib, aholidan tegishli xizmatlar uchun to‘lov undirish to‘xtatiladi. Sanitar tozalash korxonalariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Qaror aholi uchun qulay to‘lov tizimini yaratish, billing hisoblarini yuritishda shaffoflikni ta’minlash va korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida qabul qilindi.

Prezidentning 2024-yil yanvardagi farmoniga ko‘ra, chiqindilarni olib chiqish uchun to‘lov faqat Toza Makon billing tizimi, elektron to‘lov tizimlari yoki tijorat banklari kassalari orqali qabul qilinadi. Olis hududlarda ham to‘lovlarni UzPost bo‘limlari orqali qabul qilish mumkin.