Polsha avtomobil sanoati assotsiatsiyasi (PZPM) prezidenti Yakub Farisya va “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Davron Hidoyatov o‘rtasida onlayn muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Dunyo” xabar bermoqda.

Uchrashuv O‘zbekistonning Varshavadagi elchixonasi tomonidan diplomatlar va Polsha investitsiyalar va savdo agentligi (PAIH) vakillari ishtirokida tashkil etildi. Tomonlar tajriba va texnologiyalar almashish istiqbollari, shuningdek, ikki mamlakat korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Muzokaralar chog‘ida Polsha va O‘zbekiston avtomobil sanoati salohiyatiga oid taqdimotlar namoyish etildi. Mamlakatlarimiz avtomobillar va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun keng imkoniyatlarga ega ekani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar “O‘zavtosanoat” va PZPM rahbariyatining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, shuningdek, avtomobil butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchilar va salohiyatli investorlar ishtirokida biznes-forum o‘tkazishga kelishib oldi.