Darknet`da Uzbekistan Airways`ga tegishli ma’lumotlar ommaviy ravishda sizib chiqqani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Xabarda aytilishicha, 300 Gb ma’lumotlar sizib chiqish manbai aviakompaniyaning S3-saqlagichlari va Postgres ma’lumotlar bazasi bo‘lgan.
Xakerlarning ta’kidlashicha, ma’lumotlar yo‘lovchilarning 500 mingga yaqin elektron manzili va xodimlarning 400 ta xizmat pochtasi, o‘nlab mamlakatlar fuqarolari pasportlarining skanerlari, muhim tizimlar uchun korporativ hisob ma’lumotlari, ichki yozishmalar va boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Uzbekistan Airways aviakompaniyasi holat yuzasidan izoh berdi.
“Hozirgi vaqtda axborot tizimlariga ruxsatsiz kirish yoki yo‘lovchilar va xodimlarning shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilish (komprometatsiya) bilan bog‘liq birorta ham tasdiqlangan hodisa qayd etilmagan. Barcha infratuzilma odatdagi tartibda ishlamoqda”, — deyiladi xabarda.
Aviakompaniyaning ta’kidlashicha, bir qator nashrlarda go‘yoki sizib chiqishga dalil sifatida keltirilgan misollar ishonchsiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
“Materiallarda ko‘rsatilgan ma’lumotlar bizning axborot tizimlarimizga aloqador emas va dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisa mavjudligi haqida noto‘g‘ri taassurot qoldirish maqsadida sun’iy ravishda yaratilgan yoki tahrirlangan bo‘lishi mumkin”, — deya ta’kidladi Uzbekistan Airways.
Shunga qaramay, axborot tahdidlariga javob berish bo‘yicha amaldagi protokollar doirasida ushbu nashrlarning paydo bo‘lishi fakti bo‘yicha xizmat tekshiruvi boshlandi. Natijalar xavfsizlikning joriy darajasini qo‘shimcha baholash uchun ishlatiladi, hatto buzilish belgilari bo‘lmasa ham.