Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi “Uzbekistan Airports” AJning 6,8 mlrd so‘mlik davlat xaridlarini amalga oshirishda qonunchilikka zid holatlar aniqlanganini ma’lum qildi.
Organ ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyaning buyurtmasiga binoan bodikameralarni yetkazib berish, o‘rnatish va ishga tushirish bo‘yicha xizmatlar uchun o‘tkazilgan xaridda ko‘plab qoidabuzarliklar qayd etilgan. Xususan, tender ishtirokchilarining takliflari tanlov hujjatlari talablariga muvofiq to‘liq va xolisona baholanmagan.
Bundan tashqari, jarayonda o‘zaro bog‘liq shaxslar (ya’ni umumiy manfaatlarga ega va qaram bo‘lgan) ishtirok etgan va takliflarni baholashda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yilgan. Agentlik taqdimnomasiga ko‘ra, g‘olibni e’tirof etish to‘g‘risidagi komissiya bayonnomalari haqiqiy emas deb topildi. Ushbu ish bo‘yicha hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi.
Uzbekistan Airports holatga izoh berdi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, 6,8 mlrd so‘mlik bodikameralarni yetkazib berish, o‘rnatish va ishga tushirish bo‘yicha xizmatlarni xarid qilish qonunchilik va davlat xaridlari tartib-taomillariga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshirilgan.
Tenderning barcha bosqichlari – tanlov hujjatlarini e’lon qilishdan tortib takliflarni baholashgacha – amaldagi me’yorlar doirasida o‘tkazildi. Xaridni amalga oshirish vaqtida tanlov komissiyasida ishtirokchilarning affillanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud emas edi. Kompaniyada har bir band bo‘yicha tushuntirish berildi.
Xarid qiymati
Shartnomaning yakuniy summasi 4,3 mlrd so‘mni (QQS bilan) tashkil etdi. Nashrlarda ko‘rsatilgan 6,8 mlrd so‘m yig‘ilgan tijorat takliflari bo‘yicha o‘rtacha qiymat sifatida aniqlangan boshlang‘ich narx edi. Takliflarni yig‘ish uzairports.com rasmiy saytida e’lon berish orqali amalga oshirildi.
Affillanganlik masalasi
Tanlov va baholash paytida ishtirokchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik aniqlanmadi. Xabarlarda ko‘rsatilgan uchinchi kompaniya tenderda ishtirok etmagan va faqat zaxira g‘olibi bilan umumiy ro‘yxatdan o‘tish manziliga ega bo‘lgan. Binoning o‘zi turli tashkilotlar tomonidan ofis xonalarini ijaraga olish uchun mo‘ljallangan.
Qayd etilishicha, qonunchilik bir nechta kompaniyani bir manzilda ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqlamaydi, shuning uchun komissiyada g‘olibni yoki zaxiradagi g‘olibni chetlatish uchun asos yo‘q edi. Alohida kompaniyalarning o‘zaro bog‘liqligi protsedura tugagandan va natijalar tasdiqlangandan so‘ng aniqlandi.
Shu munosabat bilan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi taqdimnomasi va Uzbekistan Airports qaroriga ko‘ra, xarid natijalari haqiqiy emas deb topildi va o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilindi.
Qonun hujjatlari talablarini bajarish
O‘zbekiston prezidentining 29.06.2020 yildagi PF-6013-son Farmoniga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining taqdimnomalari bajarilishi majburiy hisoblanadi. Shu munosabat bilan xarid komissiyasi tanlov natijalarini bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Protsedura shaffofligi
Tender etender.uzex.uz ochiq elektron platformasida o‘tkazildi. Barcha xohlovchi tadbirkorlar (O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlari) teng shartlarda ishtirok etishlari mumkin edi. Arizalar 10.07.2025-yildan 17.07.2025-yilgacha qabul qilindi.
Tanlov eng past narx usulida o‘tkazilgani uchun avtomatik ravishda eng past narxga ega kompaniya g‘olib deb topildi.
“Uzbekistan Airports nazorat qiluvchi organlarning qarorlarini hurmat qilishini va amalga oshirilayotgan xarid jarayonlariga maksimal shaffoflik va ishonchni ta’minlash maqsadida ular bilan ochiq hamkorlik qilishini tasdiqlaydi”, deya xulosa qildi kompaniya.