Uzbekistan Airways Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ko‘rsatmasiga asosan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritdi.

Agar fuqaro ikki tomonga (uchish va qaytish) tashish uchun chipta sotib olsa va biror sababga ko‘ra birinchi reysdan foydalanmasa, natijada uning qaytish yo‘nalishidagi chiptasi avtomatik ravishda bekor qilinadi. Bu qoida Uzbekistan Airways’da ham amal qilgan.

Qo‘mita ko‘rsatmasiga asosan Uzbekistan Airways iste’molchilarga xayriya doirasida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish qoidalariga o‘zgartirishlar kiritadi.

Endilikda, agar yo‘lovchi parvozdan ixtiyoriy ravishda voz kechsa yoki ro‘yxatdan o‘tish uchun kelish imkoniyatiga ega bo‘lmasa va bunda aviakompaniyani belgilangan muddatlarda xabardor qilsa, unda uning chiptasi dastlab to‘langan tarif shartlariga muvofiq qayta rasmiylashtiriladi yoki qaytariladi.

Agar yo‘lovchi birinchi reysga ogohlantirishsiz kelmagan bo‘lsa, u baribir qayta rasmiylashtirmasdan yo‘nalishning keyingi qismlariga chiptadan foydalanishi mumkin. Biroq, foydalanilmagan birinchi chipta narxi qaytarilmaydi, chunki 100 foiz jarima ushlab qolinadi.

Bunda yo‘lovchi tomonidan foydalanilmagan yo‘nalish uchastkalari uchun dastlabki aviachiptada ko‘rsatilgan aeroport yig‘imlari va aviakompaniya yig‘imlari summalarini qaytarish yoki qayta rasmiylashtirish saqlanib qoladi.