Shavkat Mirziyoyev “Toshkent-Sharqiy” aerodromi negizida qurilgan yangi aeroport bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Aeroportning umumiy maydoni 561 gektar. Uzunligi 4 kilometr bo‘lgan uchish-qo‘nish yo‘lagi va uchta yo‘lak to‘liq rekonstruksiya qilinib, eng og‘ir samolyotlarni ham qabul qilish imkoniyati yaratildi. 20 ta havo kemasiga mo‘ljallangan perron qurildi. “Boeing-787”, “A320” laynerlari, biznes-jetlar va vertolyotlar uchun zamonaviy angarlar barpo etildi.
Aeroportda VIP va CIP terminallari qurilgan. Oliy martabali mehmonlar uchun mo‘ljallangan zalda rasmiy uchrashuvlar, muzokaralar va brifinglar o‘tkazish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Soatiga 100 yo‘lovchini qabul qilishga mo‘ljallangan CIP-terminalda do‘konlar va umumiy ovqatlanish joylari bo‘ladi.
Aeroportning ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya tizimlari bilan jihozlangani alohida ahamiyatga ega.
Yangi aeroport qulay joylashuvi bilan poytaxtimiz va Yangi Toshkentning muhim transport xabiga aylanadi. Xalqaro tashriflar va xizmat safarlari uchun imkoniyatlar kengayadi, xorijiy investorlar uchun sharoitlar yaxshilanadi. Natijada iqtisodiy faollik oshadi, xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlanadi va yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi.
Davlat rahbari shu yerda jamoatchilik vakillari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.
Ko‘p yil tayyorgarlik qilib, mana shunday aeroport qurdik. Bu ham davlatchilikning yana bir zamini. Bu yerda yurtimizga keladigan mehmonlar va samolyotlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatiladi.
Natijada Toshkent xalqaro aeroportiga yuklama yengillashadi. Xudo xohlasa, u aeroport uchun ham boshqa joyda ulkan majmua qurishni rejalashtirganmiz. Umuman, hamma hududlarimizda katta-katta loyihalarni boshlaganmiz. Ilohim, tinchligimizga ko‘z tegmasin, yangi inshootlar, farovonlik xalqimizga buyursin, – dedi Prezident.