Buxoro viloyatida yangi aeroportni 2027-yilning birinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanali efirida Buxoro xalqaro aeroporti direktori o‘rinbosari Shahboz Hayitov ma’lum qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qurilish davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida olib borilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 226 mln dollarga baholanmoqda.

Majmua shahar tashqarisidagi 377,7 gektar maydonda barpo etilmoqda, chunki shahar ichida joylashgan mavjud aeroportni kengaytirishning iloji yo‘q. Infratuzilma har qanday turdagi samolyotlarni qabul qila oladigan 3,3 km uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi, beshta harakatlanish yo‘lagi va 20 ta zamonaviy samolyot turargohini o‘z ichiga oladi. Aerovokzal majmuasi soatiga 1200 yo‘lovchini o‘tkazish quvvatiga ega bo‘ladi.

Buxorodan 26 kilometr uzoqlikda joylashgan obyektga transport qatnovi qulayligini ta’minlash maqsadida 29 kilometrlik yangi avtomobil yo‘li qurilmoqda.