Deputatlarga aholi uchun muhim loyihalarni moliyalashtirish uchun qariyb 494 mlrd so‘m ajratiladi. Bu haqda prezident qarorida aytilgan.

Prezident qaroriga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab deputatlar “Ochiq byudjet”da ovoz berish natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lmagan 2 tadan loyihani o‘z saylov okrugiga muvofiq tanlab oladi. Loyihalar aholining kundalik hayotiga va hududlarning rivojlanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi kerak. Deputatlar tomonidan o‘tkazilgan tanlov loyihani respublika byudjetidan moliyalashtirish uchun asos bo‘ladi.

Loyihalarni moliyalashtirish uchun har yili har bir deputatga BHMning 8000 baravari (3,2 mlrd so‘m) ajratiladi — har bir mavsum uchun bittadan. Kelgusi yilda deputatlar tashabbusi bilan amalga oshiriladigan loyihalarga jami 494 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Deputatlar tashabbusi asosida moliyalashtiriladigan loyihalar uchun portalda alohida sahifa tashkil etiladi. Jamoatchilik uchun ushbu toifadagi barcha loyihalarning ochiq ro‘yxati yuritiladi.

Bundan tashqari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida mazkur jarayonlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha 11 nafar deputatdan iborat Parlament komissiyasi tuzilib, ular loyihalarning moliyalashtirilishi va amalga oshirilishini nazorat qiladi.