2025-yil 2-sentyabrdan boshlab Piskent majmuasida avtomobillarni sinovdan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi, deya xabar qildi Texnik jihatdan tartibga solish agentligi.

Sinovlar 2024-yil noyabr oyida sifat kafolatisiz mashinalarni olib kirishga yo‘l qo‘ymaslik va YTH xavfini kamaytirish maqsadida o‘tkazila boshlandi. O‘shanda ma’lum bo‘lishicha, mamlakatga texreglament bo‘yicha tasdiqlanmagan yengil avtomobillar olib kelingan va har bir partiyani alohida tekshirishga to‘g‘ri kelgan.

2024-yilgacha atigi uchta dilerlik markazida 15 ta modelni sotishga ruxsat bor edi. Hozirda mamlakatda 100 dan ortiq modellar uchun muvofiqlik hujjatlarini rasmiylashtirgan 21 ta xorijiy kompaniyalarning rasmiy dilerlari faoliyat yuritmoqda. Bu avtomobillarni kafolatlangan sifat va xavfsizlik bilan yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.

“Rasmiy dilerlar va servis markazlari sonining keskin ko‘payishi, shuningdek, iste’molchilarning rasmiy dilerlar orqali ishlash amaliyotining joriy etilishi munosabati bilan 2-sentyabrdan boshlab Piskent avtopoligonida sinovlar to‘xtatiladi”, — deya aniqlik kiritdi agentlik.

Ta’kidlanishicha, import qilinayotgan avtomobillar sifati doimiy nazoratda. Agar qoidabuzarliklar aniqlansa yoki xaridorlardan shikoyatlar kelib tushsa, bunday mashinalarga nisbatan choralar ko‘riladi.

Idora fuqarolarni avtomobillarni faqat rasmiy dilerlardan sotib olishga chaqirdi.