O‘zbekistonda ish tashlashlarga ruxsat berish va ularning ishtirokchilari huquqlarini kafolatlash rejalashtirilmoqda. Qonunchilik palatasi deputatlari Senatning taklifini ko‘rib chiqdi.
Taklifga ko‘ra, fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilishi munosabati bilan Mehnat kodeksi va ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Qonun loyihasida O‘zbekistonning Xalqaro mehnat tashkilotining birlashmalar erkinligi va birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risidagi 87-sonli hamda Birlashish va jamoaviy muzokaralar olib borish huquqi to‘g‘risidagi 98-sonli konvensiyalariga qo‘shilishi asos qilib olinadi.
Hujjatda ish tashlash huquqini — xodimlarning o‘z talablariga erishish uchun ishni to‘xtatgan holda jamoaviy norozilik bildirishini qonunchilik bilan tartibga solish nazarda tutilmoqda. Milliy qonunchilikdagi bo‘shliqni to‘ldirish orqali fuqarolarning mehnat huquqlarini xalqaro standartlarga muvofiq to‘liq ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi 9 ta moddadan iborat bo‘lib, ular bilan 2 ta qonun va 4 ta kodeksga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, Mehnat kodeksida ish tashlashning aniq ta’rifi va tushunchasi, uni o‘tkazish tartibi, shuningdek, ish tashlash davrida xodimlarga beriladigan kafolatlar mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, ish tashlashning boshlanishini kechiktirish, uni to‘xtatib turish, tiklash va tugatish tartibi tushuntirilmoqda, shuningdek, ish tashlashlar o‘tkazish bilan bog‘liq cheklovlar belgilanmoqda.
Qonun loyihasi milliy qonunchilikni xalqaro mehnat standartlariga to‘liq muvofiqlashtirishga, ijtimoiy adolat, tenglik va demokratik boshqaruv tamoyillarini amalda mustahkamlashga qaratilgan.
Qonunchilik taklifi bo‘yicha qaror loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.