O‘zbekistonda bolalar pornografiyasi va jinsiy zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Deputatlar bolalar tasviri tushirilgan pornografik mahsulotni saqlaganlik uchun javobgarlik belgilash, shuningdek, voyaga yetmaganlarni jinsiy zo‘ravonlikdan, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid normalarni aniqlashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqdi.
Bundan tashqari, hujjatda bolalarga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilgan.
Jinoyat-protsessual kodeksiga ham qo‘shimchalar kiritish rejalashtirilgan. Ular voyaga yetmagan guvohlar va jabrlanuvchilarni so‘roq qilish davomiyligini, shuningdek, ularning qonuniy vakillarining tergov harakatlarida ishtirok etish tartibini belgilaydi. Xususan, endilikda qonun kun davomida so‘roq qilish muddatini aniq cheklaydi, bu esa bolaga psixologik yukni minimallashtirishga yordam berishi kerak.