Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi xodimlari Quyi Chirchiq tumanida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish holatini aniqladi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Chirchiq daryosi o‘zanidan qum-shag‘al aralashmasi davlat raqamisiz yuklagich yordamida qazib olinib, so‘ngra yuk avtomobiliga ortilgan. Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 83 mlrd 357 mln 600 ming 256 so‘mni tashkil etgan.

Bundan tashqari, qazib olingan maydonning bir qismi tuproq, loy va tosh aralashmalari bilan qoplangan. Hududning qolgan qismida o‘lchovlar o‘tkazildi.

Hodisa joyida bo‘lgan yuk mashinasi vaqtincha jarima maydoniga joylashtirildi. To‘plangan materiallar huquqiy baho berish uchun Toshkent viloyati prokuraturasiga taqdim etildi.