Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 23-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yilning iyul oyida qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan va o‘sha yilning avgust oyida qayta ishlash uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarilgan. Keyinchalik hujjat fraksiyalar, deputatlar, qo‘mita huzuridagi jamoatchilik kengashi a’zolari va soha mutaxassislarining takliflarini inobatga olgan holda qayta ishlab chiqildi.
Qonun loyihasida “sukunat” vaqtini soat 23:00 dan 07:00 gacha, dam olish va bayram kunlari esa 22:00 dan 09:00 gacha uzaytirish taklif qilinmoqda. Bu davrda fuqarolar osoyishtaligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, ko‘p kvartirali uylarda shovqin me’yoridan ortiq bo‘lgan qurilish va ta’mirlash ishlariga faqat ish kunlari soat 09:00 dan 18:00 gacha ruxsat berish taklif etilmoqda.
Muhokama chog‘ida deputatlar bir qator normalarni qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirishni talab qilishini aytdi. Oxir-oqibat, qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi yana qayta ishlash uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.