O‘zbekistonda Vazirlar Mahkamasining “Hukumatning ayrim qarorlariga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Hujjat yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ishonchli ta’minlash va ushbu sohadagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. 2026 yil 1 yanvardan boshlab ishlab chiqarilganiga 50 yil va undan ortiq vaqt o‘tgan avtomototransport vositalaridan foydalanish va ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi. Ular davlat hisobidan chiqarilishi kerak (antikvar transport vositalari bundan mustasno).

Umumiy og‘irligi (yuk bilan birga) 44 tonnadan ortiq bo‘lgan N3 va O4 toifadagi yuk va maxsus transport vositalari, shuningdek, karyerlarda ishlaydigan o‘zi tushiradigan yuk avtomobillari va antikvar avtomobillar uchun alohida davlat raqami belgilari joriy etiladi. Shuningdek, ochiq konlarda ishlaydigan o‘z-o‘zidan yuk tushiruvchi yuk avtomobillari davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.