Vazirlar Mahkamasining “Yoshlar o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qitish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar ajratish tartibi to‘g‘risida”gi 632-son qarori qabul qilindi.

Hujjat “2+6” dasturini joriy etishni nazarda tutadi, agar o‘quv markazi talabgorga chet tilini o‘rgatsa va ushbu talabgor dasturda belgilangan minimal darajadagi chet tili sertifikatiga ega bo‘lsa, u holda:

  • o‘qishning dastlabki 2 oyi o‘quvchining o‘zi tomonidan (o‘z mablag‘lari hisobidan) to‘lanadi;

  • keyingi 6 oylik o‘qish uchun Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya to‘lanishi mumkin.

Boshqacha aytganda: dastlab o‘quvchining o‘zi ikki oylik kurslar uchun pul to‘laydi, keyin hammasi talabga javob bersa, qolgan yarim yillik xarajatlarni davlat qoplaydi.

Subsidiyalar miqdori:

  • Toshkent shahrida — MHEKMning 2 baravarigacha;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida — MHEKMning 1,5 baravarigacha;
  • tumanlarda (shaharlarda) — MHEKMning 1 baravarigacha.

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 271 000 so‘m

Agentlik 2025-2026 yillarda 20 ming nafargacha, 2031 yilgacha har yili 20 ming nafargacha o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘qitish uchun subsidiyalar ajratadi. Agar talabgorlar soni oshib ketsa, subsidiya berish keyingi yilgacha to‘xtatiladi.

Ariza beruvchilarga (tinglovchilarga) “2+6” dasturi bo‘yicha xorijiy tillarni o‘qitish kurslari to‘lovi uchun subsidiya faqat quyidagi hollarda beriladi:

  • o‘quv markazi belgilangan tartibda elektron platformada ro‘yxatdan o‘tkazilgan (ushbu ro‘yxatdan o‘tkazish o‘quv markazlari reytingini shakllantirish uchun foydalaniladi);

  • o‘quv markazi o‘quvchilarning darslarga qatnashishini har kuni kuzatib borish imkonini beruvchi elektron platforma bilan integratsiya qilingan.