Foto: NOVA24

O‘zbekistondagi AES mamlakatning markaziy hududlarini barqaror energiya bilan ta’minlashda muhim bo‘g‘in bo‘ladi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev “O‘zbekiston 24” efirida ma’lum qildi.

Ahmedxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, AES Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlarini barqaror energiya bilan ta’minlaydi. Shuningdek, stansiyaning ishga tushirilishi energiya tizimining ishonchliligini oshirish va mavjud elektr uzatish liniyalariga yuklamani kamaytirish imkonini beradi, bu esa elektr energiyasi iste’moli ortib borayotgan sharoitda ayniqsa muhimdir.

“O‘zatom” rahbarining ta’kidlashicha, loyiha integratsiyalashgan xususiyatga ega bo‘lib, turli quvvatdagi zamonaviy texnologiyalarni birlashtiradi. Stansiya ikkita kichik RITM-200N va ikkita yirik VVER-1000 reaktorlaridan iborat bo‘ladi.

Loyihaning amalga oshirilishi katta miqdordagi investitsiyalarni jalb qiladi, yangi ish o‘rinlarini yaratadi, qurilish, transport va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirishga kuchli turtki beradi, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AES qurilishi nafaqat infratuzilma loyihasi, balki mamlakatning yangi energetika siyosatini shakllantirish yo‘lidagi qadamdir.