O‘zbekistonda avtomaktabda o‘qigan fuqarolar uchun yagona namunadagi elektron guvohnomalar joriy etiladi. Bu haqda hukumat qarorida aytilgan.

Rasmiylar avtomaktablar va shahar elektr transporti haydovchilarini tayyorlash kurslarini litsenziyalash tartibiga tuzatishlar kiritishni rejalashtirmoqda. Xususan, endi imtihon komissiyalari tomonidan test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilarga o‘qishni tamomlaganlik to‘g‘risidagi elektron hujjatlar bepul beriladi.

Guvohnomalar IIV YHXXning yagona onlayn tizimida E-Avtota’lim moduli orqali avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bunda, nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar bitiruvchilarning guvohnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.