Ijtimoiy tarmoqlarda yangi tizimga o‘tish munosabati bilan o‘zbekistonliklar 7 kun davomida elektr energiyasi uchun to‘lovlarni amalga oshira olmasligi haqida xabarlar tarqaldi. “Hududiy elektr tarmoqlari” holatga izoh berdi.

Xabarlarda go‘yoki to‘lov kechiktirilsa, qarzi bor fuqarolar bir hafta davomida chiroqsiz qolishi aytilgandi. Elektr ta’minoti uchun mas’ul kompaniya ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Hozirda yangi hisob tizimiga o‘tish bo‘yicha hech qanday ishlar olib borilmayapti. Fuqarolardan tekshirilmagan manbalarga ishonmaslik va ma’lumotlarni faqat rasmiy kanallardan olish so‘ralgan.