24-oktyabr kuni Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi “Mehrli yulduz” xususiy bog‘chasida bir yarim yoshli qizaloq basseynda cho‘kib ketdi. Bu haqda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi xabar bermoqda.
Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, bola muassasa hududida qarovsiz qolib, basseynga tushib ketgan va vafot etgan. Holat yuzasidan xizmat tekshiruvi boshlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Marhumaning onasi Nargiza Jumayeva 29-oktyabr kuni Kun.uz’ga ishni “yopishga” harakat qilinayotganini ma’lum qildi.
2024-yil 5-mayda tug‘ilgan qizim Farida Hamroqulova basseynda cho‘kib ketgan holda topildi. Shu paytgacha birorta huquq-tartibot idorasi xodimi biz bilan bog‘lanmadi, hech kim kelmadi, surishtirmadi. Hech kim hech narsani tushuntirmaydi. Ishni “yopmoqchi”ga o‘xshaydi, — dedi u.
Qayd etilishicha, u Qozog‘iston fuqarosi bo‘lib, Jizzax viloyatidan bo‘lgan yigitga turmushga chiqqan. Uning qizi bog‘chaga borishni boshlaganiga bir oy ham bo‘lmadi — 3 oktyabrdan.
Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan 27 oktyabr kuni Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
 
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                     
                 
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                         
                        