Qoraqalpog‘istonda, shuningdek, O‘zbekistonning sakkiz viloyatida 47 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilindi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar bermoqda.
Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida ilgari chiqindi poligonlari bo‘lgan yerlarni tiklash va sog‘lomlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Xususan, 2024-yilda umumiy maydoni 80 gektardan ortiq bo‘lgan 27 ta poligon, jumladan, Qoraqalpog‘istonda bitta, Andijon viloyatida oltita, Qashqadaryo viloyatida beshta, Toshkent viloyatida uchta poligon yerlari tiklandi.
2025-yilda yana 18 ta 81,68 gektar maydondagi poligonlarni rekultivatsiya qilish ishlari to‘liq yakunlandi. 185 ta poligonning 47 tasida rekultivatsiya va tuproq bilan qoplash ishlari olib borildi. Shuningdek, 42 ta chiqindi poligoni faoliyati to‘xtatilib, qariyb 90 gektar yer tabiatga qaytarildi.