Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalaridagi avariyalarning oldini olish va odamlar hayotiga xavf tug‘diruvchi omillarni bartaraf etish bo‘yicha qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda hokimliklarga 2026-yil 1-aprelga qadar fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladigan, shaharsozlik normalari, yong‘in va sanoat xavfsizligini buzadigan barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalarini xavfsiz hududlarga ko‘chirish topshirildi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab besh yildan ortiq ishlatilgan yoki ishlab chiqarilgan muddati belgilanmagan bosim ostidagi rezervuarlarni olib kirish va ulardan foydalanish, shuningdek, xizmat muddati tugagan uskunalardan sanoat xavfsizligi ekspertizasini o‘tkazmasdan foydalanish taqiqlanadi.
Shuningdek, bir vaqtning o‘zida benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gazni saqlash rezervuarlari hamda tarqatish kolonkalari joylashtiriladigan konteynerlarni o‘rnatish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Avariyalarning oldini olish va fuqarolar hayotini muhofaza qilish uchun “O‘zenergoinspeksiya” va Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bir yilda kamida bir marta yong‘in va sanoat xavfsizligi talablariga rioya etilishini tekshirishlari shart.
Shuningdek, avariya va baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida har yili xodimlarning bilimini tekshirish va malakasini oshirish talabi kiritilmoqda.
Qonun loyihasi bilan yoqilg‘i quyish shoxobchalarida yong‘in xavfsizligi, texnologik nazorat va jihozlash, suyultirilgan uglevodorod gazini realizatsiya qilishda sanoat xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha minimal talablar taklif etilmoqda.
Qaror loyihasining ishlab chiqilishi Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanidagi “Oltindala” mahallasida gaz quyish shoxobchasida yoqilg‘i rezervuarlarining portlashi natijasida yong‘in kelib chiqishi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar, shuningdek, so‘nggi paytlarda respublikaning turli hududlarida ko‘payib borayotgan shu kabi baxtsiz hodisalarning oldini olish zarurati bilan bog‘liq, — deyiladi inspeksiyaning tushuntirish xatida.
Hujjatda litsenziyalovchi va ruxsat beruvchi organlarning mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, jamoat xavfsizligi va atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvorligini ta’minlash, shuningdek, tegishli tartib-taomillarni qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish nazarda tutilgan.