Shavkat Mirziyoyev “Kelajak merosi” xalqaro mukofotini ta’sis etish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
2025-yildan boshlab har yili adabiyot, madaniy meros, teatr va kino, musiqa va raqs, tasviriy va amaliy san’at, moda va dizayn, fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar kabi yo‘nalishlarda tanlovlar o‘tkazib boriladi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar statuetka, diplom va 10 ming AQSH dollari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Prezident “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti kengashini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Madaniyat vazirligi kengashning ishchi organi etib belgilandi.
Tashqi ishlar vazirligiga mukofotni xorijiy mamlakatlarda keng ommalashtirish va g‘olib deb topilgan xorijiy ishtirokchilarni O‘zbekistonga taklif etish, shuningdek, ularning kirish vizalarini, zarur hollarda, Toshkent va Samarqand xalqaro aeroportlarida rasmiylashtirishni ta’minlashga ko‘maklashish topshirildi.
Xalqaro mukofotga tanlovni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar 2025-yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi, 2026-yildan boshlab davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.