O‘zbekistonda banklar tomonidan qimmatbaho metallar bilan operatsiyalarni amalga oshirish tartibi belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, banklar qimmatbaho metallar bilan bog‘liq quyidagi operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin:
- bankning mobil ilovasi orqali mijozlar tomonidan o‘lchovli oltin quymalarni sotib olish va qayta sotish;
- o‘lchovli oltin quymalarni sotish va ularni Markaziy bankdan sotib olish yo‘li bilan banklar tomonidan qaytarib sotib olish;
- banklar tomonidan qimmatbaho metallarni elektron (jismoniy bo‘lmagan) shaklda sotish va qaytarib sotib olish.
Bank va mijoz o‘rtasida o‘lchovli oltin quymalarni sotish va qaytarib sotib olish mobil ilovada oferta shartnomasini tasdiqlash orqali amalga oshiriladi. Muvaffaqiyatli to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, mobil ilovada mijoz tomonidan sotib olingan oltin quymaning «maxfiy kodi» ko‘rsatiladi.
Xarid qilingan o‘lchovli oltin quymalarni bankdan olish uchun mijoz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, shuningdek, mobil ilova orqali olingan “maxfiy kod”ni taqdim etadi.